Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida “9 dekabr-xalqaro Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” hamda “Ochiq eshiklar” kuni munosabati bilan  davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

2017 yil 11 dekabr kuni “9 dekabr-Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni” hamda “Ochiq eshiklar” kuni munosabati bilan Yakkasaroy tumani IIB Huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘lim boshlig‘i, mayor J.Nabiev va “Xoreografiya san’ati” fakulteti dekan o‘rinbosari M.Bo‘rieva, Yoshlar ittifoqi BT etakchisi, Murabbiylar kengashi a’zolari, Professor-o‘qituvchilardan 6 nafari va 76 nafar talaba-yoshlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatlarini TDMRXOM Ma’naviy-ahloqiy tarbiya ishlari prorektori M.Xolmurodova  ochib berdi va tashrif buyurgan huquq targ‘ibot xodimlarini tanishtirib o‘tdi.

Shuningdek, davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, talaba-yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga harakat qilayotgan turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini ko‘rish masalalari bo‘yicha gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng so‘zni Yakkasaroy tumani Huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘lim boshlig‘i mayor J.Nabievga berildi. Ma’ruzachi o‘z so‘zida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining  Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan. Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda ma’qullangan, 2017 yil 3 yanvarda O‘RQ-419 son bilan ro‘yxatga olingan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlarining mazmun mohiyatini talaba-yoshlarga tushuntirib o‘tdi va Korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik; fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; ochiqlik, shaffoflik va tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligi; korrupsiyadan ogohlantirish va javobgarlikning muqarrarligi bo‘yicha choralar ustuvorligi keltirib o‘tilgan.

Qonun korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini keltirib o‘tadi jumladan:

  • aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish;
  • davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyadan ogohlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;
  • korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ular oqibatlari, sabablari va keltirib chiqargan sharoitlarni bartaraf etish hamda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun muqarrar jazolash tamoyilini tadbiq etish.

Jumladan, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash, parlament va jamoatchilik nazorati, mansabdor shaxslar faoliyati sifatini baholash hamda ishga qabul qilish va mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishda ochiqlik va xolislik tamoyili asosida tanlovli saralashlarni olib borish tizimlarini joriy etish. Davlat organlari xodimlarining huquqiy maqomi aniqlanib, ularning ijtimoiy himoyasi, moddiy ta’minoti, har tomonlama rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida hamda Qonunda davlat organi xodimi biror bir shaxs tomonidan uni korrupsion huquqbuzarlikni sodir etishga da’vat qilish holati, shuningdek, boshqa ishchilar tomonidan shu kabi holatlarning amalga oshirilishi bo‘yicha unga oshkor bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z rahbari yoki huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat etishi belgilanganligi,  mazkur majburiyatlarning bajarilmasligi qonunchilikka muvofiq tegishli ravishda jazoga tortilishiga olib kelishi haqida tadbir ishtirokchilariga tushuntirilib o‘tildi.

Tadbir so‘ngida talaba-yoshlar o‘z fikr mulohazalarini bildirish barobarida, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan  javoblar oldilar.