Toshkent Davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi ustavi

Toshkent Davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tarixi

Toshkent xoreografiya bilim yurti 1947 yilda O’z SSR Ministrlar sovetining 14 sentabrdagi №1480 qaroriga asosan Toshkent shahrida tashkil etilgan. Ushbu bilim yurtida xoreografiya san’atining mumtoz va milliy raqs turlari bo’yicha mutaxassislar tayyorlangan. Bilim yurtida Usta Olim Komilov va Tamaraxonum yetakchiligida o’zbek xoreografiya san’atining rivojiga juda katta hissa qo’shgan san’atkorlar ta’lim olganlar.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil  8 yanvardagi PF-1695 sonli “O’zekistonda milliy raqs va xoreografiya sa’natini rivojlantirish to’g’risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 21 fevral’ № 101-sonli qaroriga binoan A.Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining xoreografiya bo’limi va O’zbek xoreografiya bilim yurtlari negizida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tashkil etilib, xoreografiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlay boshladi.

O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, o’rta maxsus kasb-hunar ta’lim tuzilmasini va uni tashkil etish tizimini “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablariga muvofiq ravishda takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirilishini hamda Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 12 iyundagi 253-sonli va 2003 yil 29 oktyabrdagi 473-sonli qarorlarini hamda o’rta maxsus kasb hunar ta’limi markazining 2004 yil 27 yanvardagi 16-sonli buyrug’ini bajarilishini ta’minlash maqsadida xoreografiya bilim yurti xoreografiya kollejiga o’zgartirildi.

Bugungi kunda Oliy maktabda 1 ta fakultet, 3 ta kafedra faoliyat ko’rsatmoqda. 2 ta ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavrlar va 2 ta mutaxassislik yuzasidan magistrlar tayyorlanmoqda.

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi Respublikamizdagi ijodiy hususiyatga ega oliy o’quv yurtlaridan biridir. Uning umumiy maydoni 9181.2m.kv, shu jumladan o’quv maydoni 3360.7m.kv tashkil etadi. Oliy maktabda 3 ta o’quv binosi mavjud.

Oliy maktab tashkil topgan davrdan boshlab mamlakatimiz uchun bir yarim mingdan ziyod malakali mutaxassislarni tayyorlab berdi.

Oliy maktabni tamomlab ketgan mutaxassislarning ko’pchiligi mamlakatimiz madaniy maskanlari va ijodiy-badiiy jamoalarda faoliyat ko’rsatmoqdalar.

Aytish lozimki, Oliy maktab bitiruvchilari ichida o’nlab davlat mukofotlari sovrindorlari, Xalq artistlari (B.Karieva, K.Mirkarimova), O’zbekiston xalq artistlari (G.Xamraeva, V.Proskurina, T.Yunusova, S.Sharipova, V.Vasilev, D.Djabbarova, M.Axmedova, R.Nizamova, Z.Safarova, S.Mansurxodjaeva), O’zbekiston xizmat ko’rsatgan artistlari (N.Xasanova, G.Fazildjanova, Z.Raxmatullaeva, E.Rasulxodjaeva, S.Tangurieva, G.Djuraeva, F.Salixova, R.Sultanova, N.Yakubova, N.Madraximova, K.Uzakova, R.Nizamova, G.Nizamova, V.Gellertov, T.Yunusova, N.Shermatov, F.Sagidullaeva, A.Gevorgyan, S.Israilova, R.Zakirova, M.Axmedova, D.Abdullaeva, E.Kaxxarov, G.Sharipova, D.Karimova, Z.Giesova, Z.Madraximova, U.Muxamedova, G.Shirinova, Ye.Tuxtaeva), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimlari (A.Muminov, Yu.Ismatova, Sh.Axmedov, M.Maxmudova), O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan san’at arbobi va Qoraqalpog’iston Respublikasi xalq artisti (K.Sagatov), Qoraqalpog’iston xalq artisti (Z.Nurimbetov)larni ko’rish mumkin.

Mustaqillik yillarida Oliy maktabda ta’lim olayotgan turli millat vakillaridan iborat 696 nafar talaba-o’quvchilarga 3 nafar O’zbekiston xalq artisti, 7 nafar O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, 1 nafar O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, 2 nafar O’zbekiston Respublikasi o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi, 5 nafar fan doktori, professorlar, 11 nafar fan nomzodi, dosent, 11 nafar katta o’qituvchi va 29 nafar o’qituvchilar fidoiylik bilan bilim bermoqdalar. Ulardan ko’plab atoqli olimlar, xizmat ko’rsatgan fan arboblari, yuqori malakali pedagoglar, o’z kasbining mohir ustalari yoshlarga ta’lim berishda fidoiylik namunalarini ko’rsatmoqdalar.

Oliy maktab rektorati tomonidan “O’zbekraqs” milliy raqs birlashmasi, “O’zbeknavo” estrada birlashmasi, “Sabo”, “O’zbek raqs”, “O’zbekiston”, Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik Katta Teatri kabi tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari amalga oshirib kelmoqda.

Mustaqillik yillarida Oliy maktab professor-o’qituvchilari, butun jamoa hamkorligida “Ta’lim to’g’risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qonun hujjatlarini hayotga tadbiq eta borib, birinchilar qatorida dunyo andozalariga mos, ko’p pog’onali ta’lim tizimiga o’tib, bakalavr va magistrlarni tayyorlashni boshladilar. Bugungi bitiruvchilar mutaxassislikdan tashqari musiqa cholg’ularda ijro etish sir-asrorlarini, chet tillarni egallagan, har tomonlama yetuk kadrlardir. Shu sababdan Oliy maktabni har yili tamomlagan mutaxassislarga mehnat bozorida extiyoj kattadir. Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda qabul qilingan  178-sonli qaroridan so’ng, yuqori malakali raqs san’ati mutaxassislarga barcha viloyatlar kesimida talab oshib bormoqda. Shu bilan bir qatorda mamlakatimizda o’tkazilayotgan “Mustaqillik”, “Navro’z”, uch bosqichli sport musobaqalari va ko’pgina Davlat bayram tadbirlarining konsert dasturlarida Oliy maktab talaba-o’quvchilari muttasil muvaffaqiyat bilan qatnashib hukumatimiz e’tirofiga sazovor bo’lmoqdalar.