Joriy yilning 27 noyabr kuni Oʼzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Xoreografiya” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan “Doira dars – oʼzbek raqs maktabining asosi” deb nomlangan ilmiy-amaliy seminari boʼlib oʼtdi.

Seminarda akademiya rektori Sh.M.Toxtasimov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor M.K.Gafurov, Innovatsion boʼlim hamda Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish boʼlimi xodimlari, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab internatining pedagog-xoreograflari, “Xoreografiya” kafedrasi mudiri D.M.Abduxakimova, kafedraning professor oʼqituvchilari, joʼrnavozlari hamda barcha pedagog-xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirni akademiya rektori oʼz kirish soʼzi bilan ochib berar ekan tashkil etilgan seminarni asosiy maqsad va vazifalari haqida gapirdi.

Oʼzbekiston sanʼat arbobi Q.S.Sagatov soʼzga chiqib oʼzining muharrirligida 1973 yilda nashr qilingan R.Karimovaning “Ferganskiy tanes” kitobi haqida gapirdi. Ushbu kitob asosida Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab internati hamda Oʼzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida Oʼzbek raqsidan “Doira darsi” saboqlari beriladi. R.Karimovaning kitobida buyuk musiqachi, baletmeyster, xoreograf, “Mehnat qahramoni”, “Usulchi” – Oʼzbek mumtoz xoreografiya bilimdoni, mumtoz oʼzbek raqs usullari va harakatlari tadqiqotchisi Usta Olim Komilov tomonidan raqqosalarga joʼr boʼluvchi doirachilarning oʼz kasb mahorat sirlarini, oʼnlab usullarni, usulning oʼziga yarasha harakati boʼlganligi bois, usul harakatlari yozib qoldirilgan. Shuning uchun ham raqqoslarning ustozi va baletmeysterlari koʼpincha doirachilar boʼlishgan.

Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi M.Maxmudova, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artistlar “Bahor” milliy raqs ansambli raqqosalari D.Yunusova hamda N.Nigʼmatovalar R.Karimovaning “Ferganskiy tanes” kitobini deyarli olti oy mobaynida oʼzlarining professional tajribalari bilan ilmiy va amaliy jihatdan koʼrib chiqqanliklari haqida maʼlumotlar berib yigʼilgan soha mutaxassislari bilan muhokama qildilar. Oʼzbekistonning atoqli raqqosasi, Davlat mukofoti laurenti, baletmeyster, “Bahor” xalq raqs ansamblining asoschisi M.Turgʼunboyeva tomonidan professional darajada ijro etilgan “Katta o’yin” uning oʼziga xos usul harakatlari haqida alohida gapirib oʼtdilar.

Oʼtkazilgan seminardan asosiy maqsad ham doira darsini 5 ta qismini ilmiy va amaliy jihattan qayta koʼrib chiqish, uning joʼrnavozlar uchun Oʼzbekiston davlat konservatoriyasining professor oʼqituvchilari tomonidan notaga solib qoʼshilgan doira usullarini musiqiy xususiyatini muhokama qilishdan iborat edi.

Kelgusida  yana  shunday mavzulardagi, ilmiy salohiyatga boy seminarlarni tashkil etish va oʼtkazish yana davom ettiriladi.