Joriy yilning 20 noyabr kuni O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Yangi O’zbekiston-yangicha dunyoqarash” shiori ostida “Bog’saroy” MFY aholisi o’rtasida targ’ibot tashviqot tadbiri o’tkazildi.

Tadbirda so’zga chiqqan yuridik fanlari doktori, professor E.O.Qodirov aholini bunyodkorlik ishlariga chorlash, yoshlarda vatanparvarlik, insoniylik tuyg‘ularini oshirish, jamiyatda xotin-qizlarning faolligini yanada yuksaltirish bo’yicha amalga oshirilgan ijobiy natijalar va kelgusi rejalar haqida gapirib o’tdi.

Tadbirda tuman xokimligi vakillari, MFY raislari, shoirlar va yozuvchilar, mahalla faollari, tashabbuskor yoshlar, akademiyaning rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari faol ishtirok etdilar.

Shuningdek tadbirda Nihol davlat mukofoti sovrindori, iste’dodli xonanda, aktyor Soyibjon Abdusamatov ijrosidagi qo’shiqlar, “Navbahor” ashula va raqs ansambli raqqosalari hamda O’zDXA talabasi Dilnoza Mirzayevalar ijrosidagi jozibali raqslar namoyish etildi.

Tadbir davomida Pandemiya davridagi faolligi va tashabbuskorligi uchun “Bog’saroy” mahallasining faol  fuqarolari hamda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “5 tashabbus festivali”da ishtirok etib g’olib bo’lgan talabalar esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Ko’tarinki ruhda o’tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nazira Assalom o’zining ona Vatanni, tinchlik hamda mahallalarni madh etuvchi she’rlari bilan qatnashdi.

San’atkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.