21 oktabr “Oʼzbek tili bayrami kuni”ga bagʼishlangan tadbirlar yurtimiz boʼylab davom etmoqda.

Shunday tadbirlardan yana biri Toshkent mexanika zavodida oʼtkazildi. Tadbirda ona tilimizning muqaddasligi, uning davlat tili sifatidagi nufuzi yuksalib borayotganligi haqida soʼz yuritildi. Tadbirni zavod direktori Zafarjon Isoqov ochdi va yigʼilganlarni bugungi bayram bilan tabriklab, ona tili millatning ruhi, gʼururi, maʼnaviy boyligi ekanligi, uni asrash, Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek vataniy ish ekanligini alohida taʼkidladi.

Oʼzbek tilining nufuzi va obroʼyi dunyo hamjamiyatida oʼz qadr-qimmatini topayotganligi biz uchun iftixordir. Mexanika zavodida faoliyat koʼrsatayotgan mutaxassislarning kitobxonlik tanlovi ham yuqori saviyada oʼtdi. Unda ishtirok etgan Oʼzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi sanʼatshunoslik yoʼnalishi talabalari oʼqigan “Oʼzbek tilim-oʼzlik tilim” sheʼri tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. Mexanika zavodi direktori Z.Isoqov madaniy-maʼrifiy tadbirlar, kitobxonlik tanlovlari, milliy raqs va sheʼrxonlik kechalari oʼtkazishda ijodiy hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Tadbirda Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boʼlim boshligʼi, taniqli shoira Farogʼat Xudoyqulova va Oʼzbekiston xoreografiya akademiyasining “Sanʼat nazariyasi va tarixi” kafedrasi katta oʼqituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Hulkar Hamroyeva hamda akademiya talabalari ishtirok etishdi.

Gulmira Qurbonova, Bobir Mullajonov

 OʼzDXА sanʼatshunoslik  yoʼnalishi talabalari