Sо‘nggi yillarda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi xalqaro hamkorlik sohasida birmuncha muvaffaqiyatlarni qо‘lga kiritdi. Xorijiy tajribani о‘rganish va о‘zlashtirish, ta’limning innovatsion uslublarini joriy etish maqsadida xoreografiya sohasidagi yetakchi ta’lim muassasalari, ya’ni Moskva davlat xoreografiya Akademiyasi, Sankt-Peterburgdagi A.YA.Vaganova nomidagi Rus baleti Akademiyasi, Qozog‘iston milliy xoreografiya Akademiyasi, Pekin raqs Akademiyasi bilan ijodiy xamkorlik olib borish bо‘yicha shartnomalar tuzilgan.

Shu yilning 20 – 21 yanvar kunlari Oliy maktab rektori Toxtasimov Shuxrat Maxmutovich Belorussiya davlat madaniyat va san’at universiteti rahbariyatining taklifiga binoan, ikkita ijodiy oliy ta’lim muassasalari о‘rtasida xamkorlik о‘rnatish maqsadida Minsk shahriga tashrif buyurdi.

Belorussiya davlat madaniyat va san’at universiteti Belarus Respublikasining jadal sur’atlar bilan rivojlanib kelayotgan ta’lim muassasalaridan biri bо‘lib, ijodiy sohaning tarli yо‘nalishlari, xususan, xoreografiya san’ati uchun mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Universitet rektori Alina Anatoliyevna Korbut bilan bо‘lib о‘tgan muzokaralarda ijodiy xamkorlik masalalari, xususan, xoreografiya ta’limi sohasida qо‘shma loyixalarni amalga oshirish, tajriba almashish va mutaxassislarni stajirovkasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ilmiy ishlar bо‘yicha prorektor, falsafa fanlari nomzodi Viktor Robertovich Yazikovich bilan bо‘lib о‘tgan suhbatda xamkorlikda ilmiy faoliyat olib borish – ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil etish, tadqiqotlar natijasini ilmiy tо‘plamlarda chop etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasi bо‘yicha ijodiy oliy ta’lim muassasalari о‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Ravshan Xurramov TDMRXOM matbuot xizmati kotibi