О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va о‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi qarori hamda О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich о‘zini о‘zi moliyalashtirish tizimiga о‘tkazish tо‘g‘risida”gi qarori asosida 2020 yil 1 yanvardan boshlab yurtimizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi tajriba-sinov tariqasida о‘zini о‘zi moliyalashtirish tizimiga о‘tadi.

Yangi tizimni joriy etishdan maqsad nima?

Bundan kо‘zlangan asosiy maqsad oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy boshqaruv tizimini liberallashtirish, ularga byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilishda kо‘proq imkoniyatlar yaratish, professor-о‘qituvchilar va talabalarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratish orqali oliy ta’limdagi islohotlar samaradorligi va ta’lim sifatini oshirishdir.

2020 yil yanvaridan tajriba-sinov tariqasida о‘zini о‘zi moliyalashtirish tizimiga о‘tadigan OTMlar:

👉 Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

👉 Toshkent davlat yuridik universiteti

👉 Urganch davlat universiteti

👉 О‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

👉 Samarqand davlat chet tillar instituti

👉 Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

👉 Toshkent moliya instituti

👉 Toshkent davlat sharqshunoslik instituti

👉 Toshkent farmatsevtika instituti

👉 Toshkent temir yо‘l muhandislari instituti.

Tizimning afzalligi nimada?

О‘zini о‘zi moliyalashtirishga о‘tadigan oliy ta’lim muassasalariga ta’lim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib, yangi bakalavriat ta’lim yо‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, talabalarni tо‘lov-kontrakt asosida о‘qishga qabul qilish parametrlari va tо‘lov-kontrakt asosida о‘qitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.

Davlat granti tugatiladimi?

Mustaqil moliyalashtirish tizimiga о‘tadigan oliy ta’lim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan tо‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.

Xarajatlarni OTMlarning о‘zlari belgilaydi

Hozirda oliy ta’lim muassasalari о‘z mablag‘larini kо‘p hollarda oldindan belgilab berilgan tartibda sarflashga majbur, ya’ni ajratilgan mablag‘ga muvofiq xarajat qilinadi: 46,8% — oylik maoshlar uchun, 33,1% — stipendiyalarga, 11,5% — byudjet uchun ajratmalar va 8,6 % — boshqa xarajatlar uchun. Yangi moliyalashtirish tizimiga о‘tadigan oliy ta’lim muassasalari esa yuqoridagi maqsadlar uchun qancha mablag‘ sarflashni mustaqil о‘zi belgilaydi, ya’ni maqsadga muvofiq xarajat qilinadi.

Bunda, oliy ta’lim muassasasi yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish va ularga kо‘proq xaq tо‘lash, kо‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlarini mustaqil belgilash, iqtidorli, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bо‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qо‘llab-quvvatlash huquqiga ega bо‘ladi.

Qolaversa, oliy ta’lim muassasalariga о‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, о‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini, kitoblar, jurnallar, о‘quv adabiyotlarini xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash huquqi beriladi.

Kontrakt miqdori oshiriladimi?

Yangi tizimga о‘tayotgan oliy ta’lim muassasalarida tо‘lov-kontrakt narxlarining keskin oshib ketmasligi, qо‘shimcha mablag‘ topish maqsadida mavjud imkoniyatlarga zid ravishda ortiqcha qabulning amalga oshirilmasligi, eng muhimi sohada korrupsiyaga yо‘l qо‘ymaslik uchun mazkur 10 ta oliy ta’lim muassasasidagi о‘quv jarayonlari Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qat’iy nazorat qilib boriladi.