Joriy yilning 24 dekabr  kuni Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida О‘zbekistonda Nomoddiy madaniy meros namunalarini о‘rganish va tahlil etish yuzasidan  О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan hamkorlikda о‘quv seminari tashkil etildi.

О‘quv seminariga О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi mudiri, professor О‘razali Toshmatov va  “О‘zbekiston davlat Tabiat muzeyi” kо‘rgazmalar bо‘limi boshlig‘i Gularo Abdullayeva kabilar tashrif buyurishdi.

Porfessor О‘.Toshmatov tomonidan YUNESKOning “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish” tо‘g‘risidagi Konvensiyasining reprezentativ rо‘yxatiga kо‘ra, О‘zbekiston Respublikasidan 7 ta  nomoddiy madaniy meros hisobga olinganligi hamda bular bugungi kunda muhofaza qilinayotganligi  haqidagi juda qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, 2019 yil  xoreografiya yо‘nalishida “Lazgi” raqsining YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosi reprezentativ rо‘yxatiga kiritilgani, raqs san’atiga jahon e’tibori va e’tirofining alohida namunasi ekanligi ta’kidlab о‘tildi. Xorazm “Lazgi”si haqida yangi risola yaratilgani va  film suratga olingani aytib о‘tildi.

Ushbu loyiha ustida ishchi guruhning kо‘plab mutaxassislari faoliyat yuritib yuksak natijani qayd etishgani alohida aytib о‘tildi. Ishchi guruh tarkibida Oliy maktab professor-о‘qituvchilaridan I.G.Gorlina va U.N.Muxamedovalarning ham ish olib borganliklari e’tirof etildi. О‘zbek halqining nomoddiy madaniy merosi, urf-odatlari, an’analari, marosimlari, bayramlari bugungi kunda bitmas – tugamas ma’naviy boyligi ekanligi alohida ta’kidlandi.

“О‘zbeksiton davlat Tabiat muzeyi” xodimi G.Abdullayeva ham seminar ishtirokchilariga о‘zining ma’ruzasi orqali tabiat in’om etgan nomoddiy madaniy merosimiz haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi “Xoreografiya” kafedrasi dotsenti I.Gorlina о‘zbek raqsi haqida quyidagi fikrlarni bildirib о‘tdi.

-“О‘zbek raqsi deganda Farg‘ona, Buxoro, Xorazm ijrochilik maktablari kо‘z oldimizga keladi. Xorazm raqs maktabidan “Lazgi” raqsini о‘ziga xosliligi shundaki, tizza oyoqlari ozgina bukilgan holda, yelka va qо‘llarni qaltiratgan tarzda tez harakatlangan holda ijro etiladi. Bu boshqa xalq raqs harakatlarida takrorlanmaydigan betakror jarayondir.

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi katta о‘qituvchisi,  san’atshunoslik fanlari nomzodi P.E.Tashkenbayev ham “Lazgi” raqsi haqida quyidagi fikrlarni bildirib о‘tdi.

-“Lazgi” raqsi nafaqat yurtimizda, О‘rta Osiyoda  balki chet  mamlakatlarda ham taniqli raqslarimizdan biridir. Bugungi kunda Lazgi raqsining  tо‘qqizga yaqin turi bizga ma’lum”.

Jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bо‘lish, ayniqsa xoreografiya sohasida yuksak natijaga erishish, nomoddiy madaniy va ma’naviy merosmizni asrab-avaylash, targ‘ib qilish va kelajak avlodga о‘z holicha yetkazish,  “Lazgi” raqsining  barcha turlarini mukammal asrash, shu bilan birga Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo raqs yо‘nalishi maktablarini ham  jahon e’tirofiga olib chiqish xoreograf va san’atshunoslarning asosiy vazifasidir – deya ta’kidladi “Xoreografiya san’ati” fakulteti dekani M.I.Xolmurodova.