Bugun, 18 dekabr kuni О‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi doirasida Nagoya universitetida xalqaro ilmiy forum bо‘lib о‘tdi.

Forumda Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, О‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yо‘ldoshev, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonovlar Yaponiyaning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan talabalar, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan yosh tadqiqotchilar va olimlar bilan muloqot qildilar.

Tadbirda О‘zbekistonda ilm-fan sohasini rivojlantirish, umummilliy ahamiyatga ega bо‘lgan dolzarb vazifa va muammolarni hal qilish uchun ilmiy salohiyatni mustahkamlash bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi.

– Ilm-fan sohasi vakillari, yosh olimlar – barchamiz millat kelajagi bilan bog‘liq muhim masalalar atrofida birlashishimiz lozim, – dedi Inomjon Majidov. – Bu yerda tahsil olayotgan talabalar, yosh olimlarimizni о‘z ilmiy salohiyatini О‘zbekistondagi yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini rо‘yobga chiqarishga yо‘naltirish, birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga taklif qilamiz.

Ushbu forum, shubhasiz, mamlakatimiz oliy о‘quv yurtlarida ilmiy-tadqiqot sohasini rivojlantirish, olib borilayotgan izlanishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.