Joriy yilning 16 dekabr kuni Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida “Xoreografiya san’ati”  kafedrasi tomonidan “Iste’dodli yoshlar bilan – kelajak sari!”  mavzusida tadbir bо‘lib о‘tdi. Tadbirni О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan san’at arbobi, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Korkmas Sagatov kirish sо‘zi bilan ochib, iste’dodli yoshlarimizga о‘zining bilim va tajribalari asosida maslahatlarini berdi.

Mazkur tadbirda oliy maktabning yosh iqtidor egalari о‘zlarining ijod namunalaridan ayrim lavhalarni namoyish qildilar. Bunda “Venskiy vals” raqsini “Sport ball”  raqslari bо‘yicha О‘zbekiston, Latviya, Qozog‘iston kubogi chempionlari Dmitriy Li, Violetta Babayans, “Na bо‘lg‘ay” raqsini “Nihol” Davlat mukofoti sohibasi Setora Ziyoyeva, “Nozanin” raqsini Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi Respublika raqs kо‘rik-tanlovi 1-о‘rin sohibasi Alina Babeshko, “Gopak” raqsini “DANS-PREMIUM” xalqaro kо‘rik-tanlovi 1-о‘rin sohibi  Sardor Atabullayev, “Esmeralda” baletidan variatsiya “OPEN ASIA” xalqaro kо‘rik-tanlovi 1-о‘rin sohibasi Alina Gizatullina, “Noz aylama” raqsini “Nihol” Davlat mukofoti sohibi Ulug‘bek Ochilov va 3-kurs talabasi Merey Mirmanova, “Qarg‘alar” raqsini “OPEN ASIA” xalqaro kо‘rik-tanlovi 2-о‘rin sohibi Kazbek Ametov, “Buxorocha raqs”ni “OPEN ASIA” xalqaro kо‘rik-tanlovi 2-о‘rin sohibasi Marjona Yusupova, “Chust pichoqlari” raqsini “REYTING USPEXA” xalqaro san’at festivali Gran-Pri sohibi Daniyar Abilbayev kabi kelajagimiz umidlari о‘zlarining chiqishlari bilan barchaning kо‘ngliga san’atning sо‘nmas ilhomlarini baxshida etdilar.

Tadbir sо‘ngida oliy maktab rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Iste’dodli yoshlar hamisha vatanimizning faxri va g‘ururi, shunday ekan ularning ijodlariga muvaffaqiyatlar tilab, kelgusida yosh ijodkorlarimizdan yangidan – yangi ijod namunalarini kutib qolamiz.