Har bir mamlakatning jahon miqyosidagi о‘rnini yuksaklarga kо‘taradigan turli sohalari mavjud. Albatta, bunda sport va sanatning о‘rni ham alohida ahamiyatga ega. Sanat turlarining ichida “Gultoji” bir sanat borki, buni raqs deb ataydilar.  Mana shunday ajoyib va afsonaviy raqslardan biri bu – “Lazgi”dir.

“Lazgi” kuyi ilohiyatdan yaralgan degan taxminlar bor. Chunki uni eshitganda tana beixtiyor musiqaga tushib, harakatlana boshlaydi. Bu raqs azaldan xorazm vohasida mavjud. Ular bu raqsni sevib ijro qilishgan. О‘zbek diyorini butun dunyoga mashhur qilgan raqslardan biri bu-“Lazgi” hisoblanadi.

Bejizga har bir sо‘zimizda “Lazgi” raqsiga urg‘u berayotganimiz yо‘q, anglagan bо‘lsangiz, Yunesko “Lazgi” raqsini insoniyatning Nomoddiy madaniy meros obyektlari rо‘yxatiga kiritdi.

Qalampir.uz saytining ma’lumotlariga qaraganda, “Lazgi” bо‘yicha yakuniy qaror YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bо‘yicha hukumatlararo qо‘mitasining Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida о‘tkazilgan 14-sessiyasida qabul qilingan.

Endilikda, YUNESKO Xorazm raqsini saqlash, rivojlantirish va keng tarqalishi uchun zarur choralar kо‘rish majburiyatini oldi. Qolaversa, Nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bо‘yicha hukumatlararo qо‘mitasining baholash komissiyasi “Lazgi”ni qadimiy ekani, mintaqadagi boshqa raqs turlaridan ajralib turishi va odamga о‘zgacha rux va jо‘shqinlik berishini alohida ta’kidlashgan.

Ma’lumot о‘rnida shuni aytib о‘tishimiz lozimki, “Lazgi” Xorazm raqs maktabi yо‘nalishida о‘rgatiladigan raqslardan biridir. Lazgi raqs turkumi ijrosida erkak va ayol raqs ustalari birday mahorat bilan о‘ynaydilar. Xorazmda lazgining 9 turi mavjud: “Olov”, “Dutor”, “Qayroq”, “Masxaraboz”, “Garmon”, “Surnay”, “О‘g‘lon bola”, “Xorazm lazgisi”, “Zamonaviy lazgi”lardir. Ushbu raqslarning eng mashhur ijrochisi Onajon Xalfa Sobirova(Anash chо‘loq 1885-1952) hisoblanadi.

Bunday quvonchli xabar nafaqat raqs sohasi ixlosmandlari uchun, balki, butun  о‘zbekiston xalqi uchun katta bir muhim tarixiy voqea bо‘ldi.