О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qо‘llab-quvvatlash bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

(https://t.me/uza_uz/26722)Qarorga muvofiq, О‘zbekiston Respublikasi Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Hunarmand” uyushmasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar hunarmandchilik yо‘nalishida kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar tayyorlashning namunaviy о‘quv reja va dasturlari tasdiqlanadi.

2020 yil davomida hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi uchun 589,3 mlrd sо‘m miqdorida (shundan, 470 mlrd sо‘m (50 mln AQSH dollari) О‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan) kreditlar ajratiladi.

AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB ushbu manbalar hisobidan “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga О‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda 18 oy muddatga, bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Qaror asosida 2020 yil yakuniga qadar tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining belgilangan tuman va shaharlarida milliy hunarmandchilikning barcha yо‘nalishlarini о‘zida mujassam etadigan zamonaviy “hunarmandlar bozori” tashkil etiladi.