О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Belarus – О‘zbekiston qо‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutini tashkil etish tо‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida Belarus – О‘zbekiston qо‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti 2020/2021 о‘quv yilidan ta’lim faoliyatini  boshlaydi.

Institutning asosiy faoliyat yо‘nalishlari va vazifalari etib yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni bakalavriat ta’lim yо‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bо‘yicha tayyorlash va boshqalar belgilandi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Institutning ta’sischisi,  Belarus milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti (Belarus Respublikasi) Institut faoliyatini tashkil etish ishtirokchilari hisoblanadi.

Institut О‘zbekiston Respublikasi rezidenti bо‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega bо‘lgan davlat muassasasi shaklidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Institut oliy malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Bitiruvchilarga ta’lim yakunlari bо‘yicha О‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tо‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Belarus milliy texnika universitetining oliy ta’lim tо‘g‘risida belgilangan namunadagi diplomi topshiriladi.

Qabul parametrlari va qо‘shma ta’lim dasturlari  Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ta’sischi va ishtirokchilarning asoslangan takliflariga binoan manfaatdor vazirliklar va idoralarning kadrlarga bо‘lgan ehtiyojlari asosida Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.

Institutda tо‘lov-kontrakt asosida ta’lim uchun tо‘lovlar miqdori О‘zbekiston Respublikasi hududida ta’sischi tomonidan, Belarus Respublikasi hududida – Belarus milliy texnika universiteti tomonidan belgilanadi.

Davlat grantlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilari О‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.