2020 yilda qо‘shimcha ishlanmaydigan kun belgilandi va dam olish kunlari kо‘chirildi — Prezident farmoni

2020 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qо‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini kо‘chirish tо‘g‘risidagi prezident farmoni e’lon qilindi.

Unga kо‘ra, 2020 yilda 23 mart, dushanba — qо‘shimcha dam olish kuni etib belgilanmoqda. Byudjet tashkilotlarida bu qо‘shimcha dam olish kuni har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini bir ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi.

2020 yilda quyidagi dam olish kunlari kо‘chiriladi:

4 yanvar, shanba — 2 yanvar, payshanbaga;

29 avgust, shanba — 31 avgust, dushanbaga.

Hujjat bilan, 2020 yil 2 yanvar payshanba va 2020 yil 31 avgust dushanba kuni barcha xodimlar uchun ish haftasining turidan qat’i nazar, dam olish kuni hisoblanishi belgilab qо‘yilmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasiga Yoshlar ittifoqi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Uzbekistan Airways” AJ va “О‘zbekiston temir yо‘llari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bayram (ishlanmaydigan) kunlarning uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yо‘nalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar о‘tkazilishini tashkil etish yuklatildi.