Jannatmakon yurt deb atalmish gо‘zal О‘zbekistonimizning har bir kuni bayram va shodiyonalarga bisyor. Aynan, mana shu sо‘zimizning isboti sifatida bugun erta tongdan yurtimizning ilmga chanqoq, shijoatli yoshlarini, Toshkent shahrining qadrli mehmonlarini “Eng muhim 5 tashabbus” doirasida Turkiston saroyiga chorlab turganligi bejiz emas, albatta!

Joriy yilning 18 oktabr sanasidan 5 tashabbus doirasida talabalar festivaliga start berildi. San’at saroyiga yaqinlashar ekansiz, milliy liboslarda, yuzlarida nim tabassum ila sizni qarshi olayotgan talaba yigit-qizlarimizni kо‘rib beixtiyor shod bо‘lasiz, kо‘nglingiz kо‘tariladi. “Jonajon О‘zbekistonim mangu bо‘l omon!” shiori ostida ochilgan bugungi talabalar va yoshlar festivalida bir tomondan yosh sportchilarimizning medallar shodasi ila bizga yuz tutib turganliklari,  ularning bajarayotgan sport mashqlari havasingizni oshirsa, kuy qо‘shiqlarga raqsga tushishdan о‘zini tо‘xtatolmayotgan, bugungi zamonga shukronalik,  hayotidan mamnunlik hissini tuyayotgan, о‘zining dilbar raqslari bilan barchaning kо‘ngliga kо‘tarinki kayfiyat ulashayotgan respublikada yagona bо‘lgan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining talaba va о‘qituvchilarining hissasi alohida tahsinga sazovordir.

Ushbu festivalda talab-yoshlar О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist Gulishoda Abdiyevaning “Mahorat darsi” sirlaridan, “Nihol” davlat mukofoti sohibasi Dilnoza Mirzayevaning jо‘shqin va jozibador raqslaridan bahramand bо‘lishdi.

Qolaversa, yosh ixtirochilarning yangidan yangi kashfiyotlari hammaning kо‘zini quvnatib yuborishi ham yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarning keng ekanligini isbotlab turibdi. Yosh hunarmadlarimiz ham о‘zlarining ijodiy ishlari kо‘rgazmasini tashkil etib о‘z ishlarida qadim tariximiz va bugunimizni aks ettirishgani har qachongidan-da quvonarli holat. Talaba qizlarning egnida yarashib turgan atlasu adraslar, ularning orzu-umidlaridan darak berib turgandek gо‘yo. Yoshlarning gо‘zallikka intilishi va muhabbati, ezgulikka hamroh ekanligining dalilidir. Festival doirasida yoshlar orasidan yugurish bо‘yicha marafon, “Eng yaxshi rassom”, “Eng yaxshi hunarmand”, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yosh ixtirochi”, “Eng yaxshi dizayner” yо‘nalishlari bо‘yicha kо‘rik-tanlovlar о‘tkazilib munosiblar taqdirlanadi.

Bir sо‘z bilan bugungi bayramning ochilishini yoshlarning chinakam bayram tomosha festivali bо‘ldi desak yanglishmagan bо‘lamiz!